Ro‘zador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi makruh sanaladi. Agar pastadan hosil bo‘lgan ko‘piklarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Chunki pasta bilan tish tozalash biror narsani tatib ko‘rishga o‘xshaydi.
Fiqhiy kitoblarda shunday deyilgan: “Ro‘zador biror narsani tatib ko‘rsa, ro‘zani ochuvchi surat va mohiyat topilmagani uchun ro‘za ochilmaydi. Lekin bunday qilish makruh hisoblanadi. Chunki bunda ro‘zani buzuvchi omilga yaqin keltirish bor” (“Hidoya” kitobi).
Shunga ko‘ra ko‘pchilik zamonamiz ulamolari ro‘zador holda tish pastasidan foydalanmaslikni, balki uni saharlikdan avval yoki iftordan keyinga qoldirishni tavsiya etadi. Zero, ibodat masalasida ehtiyotini olish avlo sanaladi.
Qolaversa, Ramazon oyining kunduzlari tishlarni toza saqlash uchun misvoqdan foydalanish ham mumkin. Chunki misvoq ishlatish bilan ro‘za ochilmaydi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida undan ko‘p marta foydalanganlari dalil bo‘ladi.
Omir ibn Rabiy’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida misvoq qilayotganlarini sanab sanog‘iga, hisoblab adog‘iga yeta olmaydigan darajada ko‘p ko‘rganman” (Imom Ahmad rivoyat qilgan). Bunda, milklar qonasa yoki og‘izga suv to‘plansa, yutib yubormaslik shart qilinadi.
Ma’lumot uchun: Sizda shar’iy masalalarda savollar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, “savollar.muslim.uz” saytiga yoki fatvo bo‘limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.