Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak !

Kechani kunduzga boylashing kerak,
Qur’onni qalbingga joylashing kerak,
Jannatda toj kiyib yayrashing kerak,
Bulbul xonishidek sayrashing kerak,
Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak.
Har bitta harfiga yuz mingta savob,
Qabringga chiroqdir, savolga javob,
Mag‘zini chaqib ol, izlama sabab,
Ajrga to‘lgaydir yerdan to falak,
Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak.
Umrimiz daraxti to‘kmoqda yaproq,
Bu daraxt kesilib, yiqilar, biroq,
Qorilar jasadin chiritmas tuproq,
Bu buyuk dovonni hatlashing kerak,
Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak.
Xorazmiy, Nasafiy, Buxoriy bobom,
Farg‘oniy, Toshkandiy, Turobiy bobom,
Qur’onni yod olgan Surmoriy bobom,
Ilohiy kalomga talpinar yurak,
Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak.
Sirotda hamrohing, tutar qo‘lingdan,
Qoqilma, burilma to‘g‘ri yo‘lingdan,
Shafoat qilg‘aydir o‘ngu so‘lingdan,
Duoga qo‘l ochgan ming bitta malak,
Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak.
Ummatning yaxshisi – Qur’on hofizi,
Sunnatning yaxshisi – Qur’on hofizi,
Jannatning  yaxshisi – Qur’on hofizi,
Ilmga tashnalik nabaviy tilak,
Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak.
Bizda bor Afasiy, Minshaviy, Mohir,
Havas qilsa arzir, barchasi zohir,
Yurtboshim Qur’onga yo‘l ochdi axir,
Bugundan boshlay qol, shimarib bilak,
Farzandim, Qur’onni yodlashing kerak.
Erkin QUDRATOV,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Loading

940cookie-checkFarzandim, Qur’onni yodlashing kerak !

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan