Fitr sadaqasi
Fitr sadaqasi badavlat musulmonning Ramazon hayitida zakot berilishi joiz bo‘lgan kishilarga beradigan sadaqasidir.
Fitr sadaqasini Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, tomonlaridan hijratning ikkinchi yili, faqirlarga berish buyurilgan.
Hikmati
1. Ramazon hayitidek ulug‘ kunda faqirlarni tilanchilik qilish iztirobidan qutqarish;
2. Barcha musulmonlar shod-hurram bo‘lgan mana shunday Ulug‘ bayram kuni, faqirlarni ham xursandchilik va farog’atga erishtirish.
3. Ro‘za tutib, vujudini poklagan kishining molini ham Poklashi.
4. Ro‘za davomida, ehtimol, yo‘l qo‘yilgan ba’zi xatolarining to‘g‘rilanishi.
Rukni
Oluvchi kishining fitr sadaqasini shaxsiy mulkiga aylantirishi.
Sababi kishining qaramog‘ida boqishga majbur va mas’ul bo‘lgan kishilarning mavjudligidir. Ya’ni, odam o‘zi, kichik va faqir farzandlari, xizmatkor quli, mudabbari (xo‘jayini o‘lganidan so‘ng ozod bo‘lishi xususida, xo‘jayini bilan shartnoma tuzgan quli), ummi valadi (xo‘jayinidan farzand ko‘rgan joriya) uchun fitr sadaqasi berishi lozim.
Vojib bo‘lishning shartlari
Fitr sadaqasi beradigan kishi musulmon va hur bo‘lishi, zaruriy ehtiyojlardan ortiqcha nisob miqdoridagi mulkga ega bo‘lishi lozim. Mazkur nisob miqdoridagi mulkning ko‘payuvchi bo‘lishi yoki oradan bir yil o‘tgan bo‘lishi shart emas.
Vojib bo‘lishining vaqti
Ramazon hayitining birinchi kuni tong otishi bilan fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Bu vaqtdan avval vafot etgan yoki faqir bo‘lib qolgan, (tong otganidan) so‘ng musulmon bo‘lgan, tug‘ilgan yoki badavlat bo‘lgan kishining fitr sadaqasi berishi shart emas.
Fitr sadaqasini hayit kunidan avval yoki keyin berish joizdir hayit namoziga chiqmasdan avval berish mustahabdir. Fitr sadaqasining berilishi vojib bo‘lgach, mulkning yo‘qolishi fitr sadaqasi berish majburiyatini bekor qilmaydi.
Fitr sadaqasini berish joiz bo‘lgan narsalar
Quyidagi to‘rt (xil) narsadan fitr-sadaqasi berish mumkin: bug‘doy, arpa, xurmo, mayiz.
Fitr sadaqasining vojib bo‘lgan miqdori
Bug‘doydan, bug‘doy unidan yoki qovurilgan bug‘doy unidan yarim so’ — 1,664 kg, arpa, xurmo va mayizdan bir so’ yoki 3,328 kg. berilishi lozim.
Bu narsalarning qiymatini berish joiz va faqirlarga foydaliroq bo‘lsa, yanada fazilatlidir.
Manba : vaqf.uz